Rossiya yoqilgi eksportini taqiqladi
Mamlakat ichida benzin narxi oshishiga javoban Rossiya hukumati avtobenzin va dizel yoqilg‘isi eksportiga vaqtinchalik cheklovlar eʼlon qildi.

O‘rim-yig‘im kampaniyasi vaqtida ko‘tarilgan ichki yonilg‘i narxini barqarorlashtirish maqsadida Rossiya hukumati 21 sentyabrdan avtomobil benzini va dizel yonilg‘isi eksportini taqiqladi. Avvalroq Rossiyaning janubiy viloyatlari va Qrimda yonilg‘i taqchilligi qayd etilgandi.
Yonilg‘i eksportini cheklash to‘g‘risidagi hukumat qarori ochiq eʼlon qilinmadi. Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin devonining matbuot xizmati va hukumat idoralari ushbu taqiqni ichki bozorni yonilg‘i bilan to‘ldirish maqsadidagi vaqtinchalik chora deb atadi. Qayd etilishicha, ko‘rilgan chora Rossiya ichki bozorini yonilg‘i bilan to‘ldirishga qaratilgan.
Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak 20 sentyabr kuni vazirlar narxlar oshishini cheklash bo‘yicha radikal choralar ko‘rishga tayyorligini aytdi. Sankt-Peterburg birjasi maʼlumotlariga ko‘ra, ishlab chiqaruvchilar uchun qoidalarni kuchaytirish fonida ulgurji narxlar pasayishni boshladi. Ammo chakana narxlar o‘zgarishsiz qoldi.
Pasayishdan keyin ham, 21-sentabrda AI-92 benzinining bir tonnasi 61,8 ming rubl, qishloq xo‘jaligi texnikasi va yuk mashinalari uchun zarur bo‘lgan yozgi dizel yonilg‘isi bir tonnasi 71,8 ming rublni tashkil qildi. 31 iyul kuni narx bir tonna uchun 57 ming rubldan past edi, yaʼni u 25 foizga o‘sgan.
Narx oshishiga jahon bozorlaridagi narxlarning yuqoriligi, rubl qadrsizlanishi va hukumat tomonidan yonilg‘i dempferi keskin qisqartirilishi – Rossiya va xorijda neft kompaniyalari ichki bozorda narxlarni ushlab turishi evaziga byudjetdan oladigan kompensatsiyadagi tafovut sabab bo‘ldi. Byudjetni tejash maqsadida ushbu kompensatsiya miqdori kamaytirildi.







