O‘zbekistonda BYD elektromobillari ishlab chiqariladi
Xitoyning BYD kompaniyasi xorijdagi birinchi zavodini O‘zbekistonda ochmoqchi.

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Xitoyning BYD avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyasi o‘rtasida “O‘zbekistonda elektr va gibrid avtomobillar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni tashkil etish” investitsiya shartnomasi imzolandi.
Unga ko‘ra, BYD Auto va O‘zavtosanoat AK hamkorligida elektromobillar hamda gibrid avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha BYD Uzbekistan Factory qo‘shma korxonasi tashkil etiladi. Loyihaning birinchi va ikkinchi bosqichlarida rejalashtirilgan ishlab chiqarish hajmi yiliga 50 ming dona avtomobilni tashkil etadi, uchinchi bosqich yakunlanishi bilan esa bu ko‘rsatkich yiliga 300 ming donaga yetkaziladi.
Loyiha ishtirokchilarining taʼkidlashicha, BYD Uzbekistan Factory ushbu avtokonsernining Xitoydan tashqaridagi birinchi qo‘shma korxonasidir. Zavod tomonidan ishlab chiqariladigan ilk modellar Chazor (Destroyer 05) sedani va Song Plus krossoveri bo‘ladi.







