Shahrisabzdagi qishloqqa tog‘li hududdan 2 ta ayiq tushdi
Ekologiya vazirligi holat yuzasidan maʼlumot berdi.

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida qishloqqa kirib qolgan 2 bosh ayiq ushlandi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Shahrisabz tumani Soybo‘yi qishlog‘i hududiga tog‘li hududdan O‘zbekiston “Qizil kitob”iga kiritilgan 2 bosh Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayiq bolalari kelib tushgan.
Vaziyat yuzasidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining Qashqadaryo viloyat boshqarmasi, Shahrisabz tuman IIB, Milliy gvardiya, Toshkent hayvonot bog‘i hamda “Hisor” qo‘riqxonasi xodimlaridan iborat tezkor ishchi guruh tuzilgan.
Voqea joyiga yetib borgan ishchi guruh tomonidan ko‘rilgan operativ chora-tadbirlar natijasida ayiq bolalari maxsus o‘q-dorili qurol yordamida uxlatilgan.
Shundan so‘ng ayiq bolalariga hech qanday shikast yetkazilmasdan “Hisor” davlat qo‘riqxonasining “Tanxoz” daryo bo‘limiga qo‘yib yuborilgan.







