O‘zbekistonda ilk bor pichoq uloqtirish chempionati o‘tkazildi
2 kun davom etgan chempionatda 60 ga yaqin ishtirokchi qatnashgan.

Pichoq uloqtirish bo‘yicha ilk bor O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, chempionatda 55 nafardan ortiq harbiy xizmatchilar va boshqa sportchilar ishtirok etgan. Ushbu chempionatni o‘tkazishdan asosiy maqsad - 13-14 oktyabr kunlari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan jahon chempionatiga terma jamoani shakllantirish.
"Chempionatda birinchi va ikkinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritgan sportchilar terma jamoa safiga qabul qilinadi. Pichoq uloqtirish sporti yaqinda alohida federatsiya bo‘lib tashkil etildi. Shuning uchun ushbu federatsiya qoshida ayollar va erkaklardan iborat terma jamoa shakllantiriladi. Maqsadimiz, saralangan jamoa bilan birgalikda jahon arenalarida yurtimiz shaʼnini himoya qilish. Hozirda saralanayotgan sportchilar orasida jahon chempionlari ham borligi bizni albatta quvontiradi. Demak, biz harakat qilsak, bundanda yuqori marralarni zabt etishga imkoniyatimiz va kuchimiz yetadi, – deydi O‘zbekiston pichoq uloqtirish sporti federatsiyasi vitse-prezidenti Oybek Mahmudov.







