Farg‘onada salkam 1,5 milliard so‘mlik kontrabandaning oldi olindi
Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasi xabar berdi.

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari viloyat DXX xodimlari bilan hamkorlikda Dang‘ara tumanida navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida ushbu tuman hududida harakatlanib ketayotgan fuqaro boshqaruvidagi “DAMAS” rusumli avtotransport vositasi yashash xonadonlarining biriga kirgan vaqtida to‘xtatilib avtotransport vositasi va mazkur xonadon xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Natijada, avtotransport vositasi va xonadonda chetdan noqonuniy olib kirilayotgan va saqlanayotgan xorijda ishlab chiqarilgan hamda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 18 turdagi jami 131 mingdan ziyod sifati kafolatlanmagan dori vositalari hamda 3 turdagi 9 500 quti tamaki mahsulotlari borligi aniqlandi.
Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib ushbu tuman hududida harakatlanib ketayotgan “HAFEI” va “DAMAS” rusumli avtotransport vositalari ham to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganida avtomashinalarda tegishli hujjatlari bo‘lmagan 14 turdagi jami 67 mingdan ziyod sifati kafolatlanmagan dori vositalari va 2 turdagi 20500 quti tamaki mahsulotlari borligi maʼlum bo‘ldi.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, dastlabki umumiy qiymati 1 milliard 406 million so‘mlik jami 292 mingdan ortiq sifati kafolatlanmagan dori vositalari va 30 000 quti tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil tariqasida olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.







