Surxondaryoda 15 milliard so‘mlik tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi
Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasi xabar berdi.

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Boldir” temir yo‘l chegara bojxona postiga qo‘shni davlatdan O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelgan temir yo‘l poyezdi tarkibidagi vagonlardan biri belgilangan tartibda bojxona nazoratida o‘tkazildi.
Natijada, ushbu vagonda yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan, aksiz markalari mavjud bo‘lmagan va bojxona nazoratidan yashirilgan umumiy qiymati 15 milliard so‘mlik 999 956 quti “MILANO” nomli sigaret mahsulotlari borligi aniqlandi.


Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Maʼlumot uchun, o‘tgan oyda ham aynan mazkur bojxona posti orqali olib o‘tilayotgan 12,7 milliard so‘mlik 851 ming quti noqonuniy tamaki mahsuloti to‘xtatib qolingandi.







