"Uning bir santimetri ham quruvchilarga berilmasligi shart"
Saida Mirziyoyeva Botanika bog‘i haqida gapirdi.

Toshkent shahridagi Botanika bog‘i hokimlik balansiga o‘tkazilishi haqidagi xabarlar keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Bunga Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva munosabat bildirib, bog‘ Fanlar akademiyasi ixtiyorida qolishini maʼlum qildi.
"Botanika bog‘i - bu ko‘ngilochar joy emas. Bu - butun shahrimiz har kuni nafas olayotgan Toshkentning “o‘pkasi”. Bu - biz g‘ururlanadigan tarix. 70 yildan ortiq vaqt davomida isteʼdodli olimlarimiz ushbu bog‘da bebaho daraxtlar va o‘simliklarni yetishtirdilar, ularga o‘z mehr-muhabbatini bag‘ishladilar. Yurtimizda bunday maskan boshqa hech qayerda yo‘q.
Tabiatning ana shu bir parchasini asrab-avaylash, uni himoya qilish va bolalarimizga yetkazish bizning burchimizdir. Men Botanika bog‘ini tijoriy tuzilmalar boshqaruviga topshirishga qatʼiyan qarshiman. Uning bir santimetri ham ijarachi yoki quruvchilarga berilmasligi shart.
Bog‘ni olimlar yaratgan va u olimlar ixtiyorida bo‘lishi, butun o‘zbekistonliklar uchun xizmat qilishi lozim. U Fanlar akademiyasi ixtiyorida qoladi", deydi Mirziyoyeva.







