“Toshkent” aeroportida taʼmirlash ishlari boshlandi
Bu haqda “Uzbekistan Airports” maʼlum qildi.

Toshkent aeroportining aerodrom majmuasini taʼmirlash ishlari davom etmoqda. Xususan, B1-B5 va B11-B17 samolyot turar joylarini, shuningdek, RD-B yurish yo‘lini kapital taʼmirlash ishlari boshlandi. Kapital taʼmirlash doirasida sunʼiy qoplama mustahkamlanadi.
“Bu joyda oxirgi marta taʼmirlash ishlari 2000 yillarda amalga oshirilgan. Foydalanish muddati uzoq bo‘lganligi sababli taʼmirlashni talab qiluvchi nuqsonli joylar shakllangan”, — deya izoh berildi “Uzbekistan Airports”ning parvozlarga aerodromda texnik taʼminot ko‘rsatish bo‘limida.
Taʼmirlanayotgan asfalt va beton aralashmasining umumiy maydoni 92 ming kvadrat metrni tashkil qiladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida Toshkent aeroportining ikkinchi uchish-qo‘nish yo‘lagi to‘liq rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilgan edi.







