Andijonda yig‘ma uy-joylar ishlab chiqarish boshlanmoqda
Yangi loyiha Turkiya bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Andijonda yig‘ma uy-joylar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi maʼlum qildi.
Prezident tashabbusi bilan O‘rta Osiyoda yagona loyiha Andijonda ishga tushiriladi.
Qayd etilishicha, Andijonda Turkiya hamkorligida amalga oshirilayotgan yig‘ma uy-joylar ishlab chiqarish zavodi qurilishi yakunlanmoqda.
"Modern sunny home" MCHJ tomonidan investitsiya mablag‘lari yordamida tashkil etilayotgan mazkur zavod arzon va qisqa muddatda quriladigan yig‘ma uylarni ishlab chiqaradi.
Bugungi kunda korxona hududiga Turkiya davlatidan qurilmalar va ish jihozlari olib kelish boshlangan. Ayni vaqtda viloyat rahbari bilan tuzilgan kelishuvga asosan qardosh xalq mutaxassislari dastgohlarni o‘rnatish ishlarini olib borishmoqda.
"Ushbu loyiha aholimizni uy bilan taʼminlashda katta qulaylik yaratadi. Shuningdek, bu kabi uylar arzon, sifatli, zamonaviy ekanligi va qisqa fursatda barpo etilishi bilan butun dunyo miqyosida ijobiy baholanib keladi", deyiladi xabarda.







