Toshkent aeroportida Osiyo o‘yinlari ishtirokchilari tantanali kutib olindi
Bosh vazir sportchilarni g‘alaba bilan tabriklab, Prezident nomidan tabrik so‘zini o‘qib eshittirdi.

Toshkent vaqti bilan soat 19:30 da “Uzbekistan Airways”ning Xanchjoudan uchgan samolyoti 19-yozgi Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan milliy terma jamoa bilan poytaxt aeroportiga qo‘ndi.
O‘zbekiston terma jamoasi medallar soni va sifati bo‘yicha tarixdagi eng yaxshi natijani ko‘rsatdi va 71 ta medal – 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronzani qo‘lga kiritib, Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokini yakunladi. Umumjamoa hisobida o‘zbekistonlik sportchilar Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va Hindiston bilan birga 45 nafar ishtirokchi davlat orasida eng kuchli beshlikdan joy oldi.
Jamoani Toshkent aeroportida rasmiy kutib olish marosimida mutasaddilar, sanʼatkorlar, sportchilar, murabbiylar, jamoa aʼzolarining yaqinlari ishtirok etdi. O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov sportchilarni g‘alaba bilan tabriklab, Prezident Shavkat Mirziyoyev nomidan tabrik so‘zini o‘qib eshittirdi. Marosim mehmonlari orasida Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov, senator Mahmud Toir, xalq artistlari Farrux Zokirov va Ozodbek Nazarbekovlar ham bo‘ldi.







