"Yoshlar daftari"ga kiritilgan yoshlar qanday ko‘mak oladi?
Joriy yil boshidan «Yoshlar daftari»ga kirish uchun 360 436 ta onlayn murojaat kelib tushgan. Shundan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning 340 440 nafari «Yoshlar daftari»ga kiritilib, 243 591 nafariga amaliy yordam ko‘rsatildi. Bu yordam nimalardan iborat bo‘ldi?

Umuman, odamlar yaxshi yashashi, salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun teng imkoniyatlar yaratilmasa, bu ijtimoiy tengsizlikning o‘sishiga, aholi tabaqalanish jarayoni chuqurlashishiga olib kelishi mumkin.
Shu bois har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishi, munosib turmush sharoitiga ega bo‘lishi uchun teng imkoniyat yaratib berish zarur. Bular ko‘p jihatdan yoshlarning kasb o‘rganishi va ish topishi masalasiga borib taqaladi. Davlat bu borada qanday ishlar qilyapti, shunga e’tibor qaratamiz.
Yurtimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti og‘ir, kam ta’minlangan oilalarning farzandlari, chin yetim va nogironligi bo‘lgan yoshlarga manzilli ko‘maklashish bo‘yicha mutlaqo yangicha tizim yaratildi.
Har bir shaxs bilan individual va tizimli ravishda muntazam ish olib borishni tashkil qilish maqsadida moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar bo‘yicha – “Temir daftar”, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb-hunar o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan xotin-qizlar va yoshlar bo‘yicha tegishlicha “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” hayotga tatbiq etildi.
Joriy yil boshidan “Yoshlar daftari”ga kirish uchun 360 436 ta onlayn murojaat kelib tushgan. Shundan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning 340 440 nafari “Yoshlar daftari”ga kiritilib, 243 591 nafariga amaliy yordam ko‘rsatildi. Bu yordam nimalardan iborat bo‘ldi?
Xususan, ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj 14 187 nafar yoshlarga 36,2 mlrd so‘mlik asbob-uskuna va mehnat qurollari ajratilib, o‘z hududlarida doimiy ish bilan ta’minlandi.
Misol uchun:
– Farg‘ona viloyati, Farg‘ona shahrida yashovchi M.X.ga akfa rom ishlab chiqarish bo‘yicha faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 12 mln so‘mlik asbob-uskuna va mehnat qurollari ajratildi. Hozirgi kunda o‘z honadonida 4 nafar yoshning bandligini ta’minlab, oylik 5-10 mln so‘m daromad olmoqda.
– Toshkent viloyati, Zangiota tumanida yashovchi I.N.ga o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun kompyuter jamlanmasi olib berilgan. Bugungi kunda u avtomobillarning yaroqsiz shinalaridan bolalar uchun o‘yinchoqlar va ko‘rgazma qurollari yasash faoliyatini yo‘lga qo‘yib, ayni vaqtda oylik 7-8 mln so‘m daromad olishga erishmoqda.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj 40 mingdan ortiq yoshlarga 107,4 mlrd so‘m miqdorda to‘lov-shartnoma xarajatlari qoplab berilib, ta’limni davom ettirish imkoniyati yaratildi.
Misol uchun: Farg‘ona viloyati, Rishton tumanida yashovchi O.Sh.ga (onasi vafot etgan, yarim yetim) Toshkent davlat texnika universiteti talabasi. “Yoshlar daftari”ga to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lashda yordam so‘rab kiritilgan. “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2022 yilda 1 mln 600 ming so‘m, 2023 yilda esa 2 mln so‘m “to‘lov kontrakt” mablag‘lari to‘lab berilgan.
Bugungi kunda o‘qishni muvaffaqiyatli tugatib Rishton tuman investisiyalar va tashqi savdo bo‘limida ish faoliyatini boshladi.
Davolanishga ehtiyoji mavjud 26 519 nafar yoshlarga xorij va yurtimizdagi shifoxonalarda davolanishlari va zaruriy dori-darmonlari xaridi uchun 26,2 mlrd so‘m sarflandi.
Misol uchun:
– Toshkent shahri, Shaxontohur tumani “Yangi Jarariq” mahallasida istiqomat qiluvchi E.D.ga “Bolalar serebral falaji (DSP)” tashxisi bilan davolanish uchun “Yoshlar daftari”ga kiritilib, “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Medion Family Group” klinikasida davolanishi uchug 14 mln so‘m miqdorida davolanish xarajatlari qoplab berilgan.
– Andijon viloyati, Jalaquduq tumanida yashovchi X.M. “Og‘ir buyrak yetishmovchiligi” tashxisi bilan davolanish maqsadida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan. Bugungi kunda “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan 15 mln so‘m mablag‘ ajratilib, operatsiya qilinib sog‘lom hayotgaqaytishiga ko‘maklashildi.
Doimiy ish o‘rniga ega bo‘lmagan 6 438 nafar yoshlarga 28,5 mlrd so‘m miqdorda harbiy xizmat badali qoplab berilib, bandligi ta’minlandi.







