BMT: G‘azo sektorida ichimlik suvi tugab bormoqda
Kuniga kamida ikki litr suyuqlik ichish tavsiya qilinishi hisobga olinsa, import qilinadigan suv 22 ming kishiga — faqat bir kunga yetadi, xolos.

BMT xalqaro hamjamiyatni G‘azo sektoridagi ichimlik suvi bilan bog‘liq halokatli vaziyatga zudlik bilan eʼtibor qaratishga chaqirdi.
Shanba kuni Rafah o‘tish joyi orqali G‘azoga kirgan 20 ta yuk mashinasi orasida ikkitasi UNICEF tomonidan jami 44,000 litrli shisha idishda suv yetkazib bergan.
Kuniga kamida ikki litr suyuqlik ichish tavsiya qilinishi hisobga olinsa, import qilinadigan suv 22 ming kishiga faqat bir kun yetadi, bu G‘azo sektori aholisining atigi 1 foizini tashkil qiladi.
Yakshanba kuni G‘azoga cheklangan miqdordagi suv idishlari ham olib kelingan, ammo bu yaqinlashib kelayotgan falokatni bartaraf etishga yordam bermaydi.
BMT hisobotida qayd etilganidek, halokatli suv tanqisligi yoqilg‘i taqchilligi bilan yana-da og‘irlashmoqda, chunki ularsiz G‘azoda joylashgan tuzsizlantirish zavodlari va suv nasoslari ishlay olmaydi — G‘azo kasalxonalarida ikki haftadan beri ishlamayotgan generatorlar haqida gapirmasa ham bo‘ladi.







