Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt qay darajada rivojlantrilyapti?
Ekspertlar bu boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi.

Oʻzbekistonda Sunʼiy intellekt texnologiyalarining katta ahamiyati va salohiyatini eʼtirof etgan holda ularni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Tez texnologik taraqqiyot davrida sunʼiy intellekt hayotning turli sohalari rivojlanishiga taʼsir qiluvchi asosiy omilga aylanib bormoqda. Ushbu texnologiyalar unumdorlik va samaradorlikni oshirishdan tortib, ilm-fan va innovatsiyalardagi yutuqlarga qadar ulkan foyda keltirish salohiyatiga ega ekanligini tan olish kerak.
Shu sababli, eʼtiborni sunʼiy intellektni rivojlantirishga qaratib, muvaffaqiyatli transformatsiya jarayonini taʼminlashga va mamlakatimiz texnologiya olamida yetakchi oʻrinni egallashga intilishimiz kerak.
Bu borada ohirgi yillarda:
– “Davlat va moliya xizmatlarini koʻrsatishda biometrik identifikatsiyalash (My ID) uchun sunʼiy intellektni qoʻllash” tajriba-sinov loyihasi “UZINFOCOM” Yagona integrator MCHJ tomonidan ishlab chiqildi va ishga tushirildi.
Bugungi kunda 23 ta bank (umumiy banklarning 74%), 5 ta davlat tashkilotlarida “My ID” loyihasidan foydalanmoqda hamda 2,5 mln dan ortiq foydalanuvchi roʻyxatdan oʻtdi.
Biometrik identifikatsiyalash jarayoni ishga tushirilgandan soʻng, korxonalarda shaxsni identifikatsiyalash jarayoniga ketadigan vaqt 1 soniyaga tushirildi hamda hujjatlarni tekshirish jarayoni butkul avtomatlashtirildi.
– “Qishloq xoʻjaligi yerlari va ekinlari monitoringi” tajriba-sinov loyihasi doirasida sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllovchi Geoaxborot tizimi yaratildi, unda maʼlumotlar uchta mustaqil manba – Yevropa Ittifoqining Sentinel kosmik apparatlarning multispektral suratlari, Vazirlikning 9 ta uchuvchisiz uchish apparatlari materiallari va 200 ta bevosita dala maʼlumotlarini yigʻuvchilarining haqiqiy vaqt rejimida yigʻiladigan maʼlumotlari tahlil qilindi.
– 2022/2023 oʻquv yili uchun “Sunʼiy intellekt” yoʻnalishida kadrlar tayyorlash boʻyicha jami 6 ta oliy taʼlim muassasalarida 245 ta (231 ta bakalavr, 14 ta magistratura) kvotalar ajratildi. Mazkur sohada quyidagi fanlar amaliy mashgʻulotlar yordamida tashkil qilinadi:
–dasturlash, algoritmik va obyektga yoʻnaltirilgan dasturlash tillari , CАСЕ-texnologiyalar;
–aqlli dasturlash;
–intellektual tizimlarni loyihalash uchun texnologiyalar va vositalar;
–maʼlumotlar bazalari, bilimlar bazasi va maʼlumotlar bazasini boshqarish tizimlari;
–nutq interfeysi, kompyuter lingvistikasi va kompyuter grafikasi;
–kompyuter tarmoqlari va veb- dasturlar;
–kompyuter tizimlarida axborot xavfsizligi.
Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan “Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt” nomli doktoranturaning alohida yoʻnalishini ochildi va 2022-yildan boshlab sunʼiy intellekt sohasida doktoranturaga 5 ta kvota va mustaqil tadqiqotchilar uchun maqsadli kvota ajratildi;
Hukumatning sunʼiy intellektga tayyorlik indeksida (Government Artificial Intelligence Readiness Index) respublika pozitsiyasini yaxshilash boʻyicha.
Oʻzbekiston Respublikasining hukumatning sunʼiy intellektga tayyorlik indeksidagi oʻrnini yaxshilash maqsadida xorijiy tajribani oʻrganish ishlari olib borildi.
Buyuk Britaniyaning “Oxford Insights” tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan “Government Artificial Intelligence Readines Index”da koʻrsatilgan statistika boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi 2019-yilda 158-oʻrinni, 2020-yilda 95-oʻrinni, 2021-yilda 93-oʻrinni va 2022-yilda 79-oʻrinni (181 ta davlat ichida) egallagan.
Bugungi kunda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan tashkil etilgan “Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashi” bilan hamkorlikda mamlakatning sunʼiy intellektga tayyorlik indeksidagi oʻrnini yaxshilash boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Sunʼiy intellektga tayyorlik indeksida Oʻzbekiston Respublikasi oʻrnini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlandi. Dasturda qoʻyidagilarni oʻz ichiga oladi:
–iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada, davlat boshqaruvi tizimida sunʼiy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish va ulardan foydalanishda yagona talablar, javobgarlik, xavfsizlik va shaffoflikni belgilovchi normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish;
–qishloq xoʻjaligi sohasida: yerni masofadan zondlashmaʼlumotlari asosida tuproq va qishloq xoʻjaligi ekinlari holatini, shuningdek, qishloq xoʻjaligi texnikasi, shu jumladan kombaynlar ishini monitoring qilish jarayonida sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash;
–energetika sohasida: energiya resurslarini ishlab chiqarish va ularning isteʼmolini prognoz qilishda, texnologik uskunalar ishini optimallashtirishda sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash;
–sogʻliqni saqlash sohasida: inson oʻpkasining kompyuter tomografiyasi tahlili asosida pnevmoniyani aniqlash hamda mammografiya tahlili asosida koʻkrak bezi saratoniga ilk bosqichda tashxis qoʻyish uchun sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash;
elektron hukumat sohasida: elektron davlat va moliya xizmatlarini koʻrsatishda foydalanuvchilarni masofadan turib biometrik identifikatsiyalash.
Sunʼiy intellekt muntazam vazifalarni avtomatlashtirishi mumkin, bu esa insonlarga yanada murakkab vazifalarga eʼtibor qaratishlari uchun vaqtni boʻshatish imkonini beradi. Bu ish samaradorligini sezilarli darajada oshiradi.
Sunʼiy intellekt yangi gʻoyalar va texnologiyalarni ishlab chiqishga, ilgari imkoni boʻlmagan mahsulot va xizmatlarni yaratishga imkon beradi. Masalan, tibbiyotda sunʼiy intellekt kasalliklarni tashxislash va davolashda, avtosanoatda esa avtonom transport-vositalarini yaratishda yordam beradi.
Biroq, sunʼiy intellektning rivojlanishi axloq, maxfiylik va xavfsizlik sohasida ham savollar tugʻdiradi, shuning uchun, tegishli qoidalar va qonunlarni ishlab chiqish, sunʼiy intellektdan samarali foydalanish va himoya qilish uchun mutaxassislarni tayyorlash muhimdir.







