Toshkent metrosiga shubhali buyum tashlab ketildi
Oqibatda poyezdlar belgilangan jadvaldan bir muddat kechikib harakatlangan.

Bugun, 27 oktyabr kuni Toshkent metrosiga shubhali buyum tashlab ketildi.
Rasmiy xabarga ko‘ra, soat 19:10 lar atrofida “Texnopark” bekatiga kirib kelgan 83-sonli harakat tarkibi metropoliten xodimlari tomonidan tekshirilganda, yo‘lovchilardan birining shaxsiy buyumi qolib ketgani aniqlangan.
Yo‘lovchilar va harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida, belgilangan yo‘riqnomaga asosan ushbu poyezd tekshiruv yo‘lagiga yuborilgan. Buning natijasida esa yo‘nalishdagi poyezdlar belgilangan jadvaldan bir muddat kechikkan holda harakatlangan.
"Shu o‘rinda yo‘lovchilardan metro xizmatidan foydalanishda o‘z shaxsiy buyumlariga eʼtiborli bo‘lishlarini yana bir bor eslatib o‘tamiz. Bu metro poyezdlari yo‘nalishlarda belgilangan jadvalga asosan harakatlanishi uchun asosiy turtki bo‘layotganini maʼlum qilamiz", - deyiladi xabarda.







