"Milliy boyligingizni dunyo bilan baham ko‘rayotganingiz uchun katta rahmat"
Temuriylar assotsiatsiyasi asoschisi O‘zbekiston madaniyati haqida gapirdi.

Yaqinda O‘zbekistonga Fransiya prezidenti tashrif buyurgan edi. Davlat rahbari hamkasbi bilan O‘zbekiston madaniy merosi namunalari bilan tanishgandi. Mana shu uchrashuvning shaxsan guvohi Temuriylar assotsiatsiyasi asoschisi va prezidenti Frederik Bressand Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan xalqaro kongressda ushbu uchrashuv va madaniy meros haqida gapirdi.
"Aytishim mumkinki, menda prezidentingiz ijobiy taassurot qoldirdi, Shavkat Mirziyoyev uchun madaniyat asosiy masalalardan biri ekanini angladim. Hozirda o‘z madaniyatingizni olamga yoyish uchun sizda barcha imkoniyatlar mavjud. Prezident Makron bundan juda ham hayratlandi.
O‘zbekistonga kelishimdan avval Parijda mamlakatingiz madaniyati va tarixiga oid ikkita ko‘rgazmada qatnashgandim. Bu juda yaxshi o‘ylangan loyiha edi, chunki Yevropada odamlar O‘zbekiston haqida ko‘p narsa bilmaydi. Aynan o‘sha ko‘rgazmalar ortidan esa odamlar mamlakatingiz jahon madaniyatida asosiy figuralardan biri ekanini bilib oldi.
So‘nggi yillarda Butunjahon jamiyati tomonidan qilingan ishlar o‘z natijalarini bera boshlagani va O‘zbekiston dunyo madaniyati beshiklaridan biriga aylanayotganini ko‘rish meni quvontirmoqda. Buning uchun hukumatingiz, prezidentingizdan minnatdorman. Bu bilan jamiyatingizni tabriklayman, o‘z milliy boyligingizni dunyo bilan baham ko‘rayotganingiz uchun katta rahmat", degan u.







