Toshkentda yangi avtobus butunlay yonib ketdi
Hodisaga elektr simlarining qisqa tutashuvi sabab yuz bergan.

Ijtimoiy tarmoqda Toshkent shahrining Yangihayot tumanida yo‘lovchi avtobus yonib ketgani aks etgan videolar tarqaldi. Holat yuzasidan «Toshshahartransxizmat» AJ rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, yong‘in avtobus haydovchisi o‘rindig‘i orqasida joylashgan elektr simlarini birlashgan blok qismida qisqa tutashuv natijasida sodir bo‘lgan. Avtobus kafolat muddatida tasarruf etilayotganligini inobatga olib, yong‘inning aniq sababi avtobus ishlab chiqaruvchi zavod mutaxassislari bilan birgalikda aniqlanmoqda.
Yong‘in qutqaruv bo‘linmalari voqea joyiga soat 16:36 da yetib borib yong‘inni bartaraf etgan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar va jarohat olganlar yo‘q.







