Jenevada O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha navbatdagi hisoboti taqdim etildi
Yig‘ilishda O‘zbekiston hisoboti bo‘yicha 84 davlat so‘zga chiqdi va 244 ta tavsiya berildi.

6-17 noyabr kunlari Jenevada BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Universal davriy sharhi (UDSH) bo‘yicha ishchi guruhi 44-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Universal davriy sharh 2006 yil 5 martda yaratilgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 60/251 rezolyutsiyasi Inson huquqlari bo‘yicha kengashining (IHK) mexanizmi bo‘lib, uning doirasida BMTga aʼzo barcha 193 davlatda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni ekspert baholash amalga oshiriladi.
O‘zbekiston 2023 yil 8 noyabrda o‘zining to‘rtinchi hisobotini taqdim etdi. 44-sessiyada O‘zbekiston bilan bir qatorda 13 davlat: Ozarbayjon, Bangladesh, Burkina-Faso, Kabo-Verde, Kamerun, Kanada, Kolumbiya, Kuba, Jibuti, Germaniya, Rossiya, Turkmaniston va Tuvaluning maʼruzalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston hisobotlari UDSHning birinchi, ikkinchi va uchinchi sharhlarida mos ravishda 2008 yil dekabr, 2013 yil aprel va 2018 yil may oylarida ko‘rib chiqilgan.
Tadbir davomida xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan salmoqli saʼy-harakatlar, qonunchilik, maʼmuriy va sud-huquq tizimidagi islohotlar xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga havola etildi.
O‘zbekiston hisoboti bo‘yicha yig‘ilishda 84 davlat so‘zga chiqdi va 244 ta tavsiya berildi.

So‘zga chiqqan delegatsiyalarning aksariyati O‘zbekiston tomonidan 2013 va 2018 yillardagi oldingi UDSH davrlarida qabul qilingan tavsiyalarni amalga oshirish hamda IHK bilan ochiq va konstruktiv muloqotni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilgan choralarni yuqori baholadi.
IHKga aʼzo mamlakatlar, shuningdek, O‘zbekistonning bolalar va majburiy mehnatga barham berish, ayniqsa, paxta terimi, odam savdosiga qarshi kurash borasidagi yutuqlarini ham ijobiy baholadi.
So‘z va OAV erkinligini taʼminlash, bolalar huquqlarini himoya qilish, onalar va bolalar o‘limini kamaytirish, inson huquqlari bo‘yicha uzluksiz taʼlim tizimini yaratish, ayollar huquqlari va gender tengligini taʼminlash, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurash, huquqbuzarliklarga qarshi kurash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning samarali natijalari eʼtirof etildi.
2023 yil 10 noyabr kuni O‘zbekistonning UDSH bo‘yicha to‘rtinchi maʼruzasini eshitish yakunlari yuzasidan tegishli tavsiyalar qabul qilindi.







