O‘zbekistondagi ko‘plab tashkilotlar lozim bo‘lgan maʼlumotlarning faqatgina yarmini ochiqlayapti
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 93 ta vazirlik, idora va hokimliklarni monitoring qildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 93 ta vazirlik, idora va hokimliklarni monitoring qildi.
Qayd etilishicha, mazkur tashkilotlar jami eʼlon qilinishi lozim bo‘lgan 1103 ta maʼlumotdan 577 tasini ochiqlagan.
Tahlillarga ko‘ra, ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni ochiq eʼlon qilish darajasi bo‘yicha eng qoniqarsiz ko‘rsatkich markaziy muassasalar, davlat ulushi mavjud tashkilotlar va banklar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Monitoring jarayonida aniqlanishicha, davlat organlari tomonidan aksariyat hollarda byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘larning xarajatlariga oid maʼlumotlarni ochiq eʼlon qilishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.
Jumladan, davlat organlari faoliyatidagi davlat xaridlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar 47 %, mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari 44 %, xizmat avtomototransport vositalari, xizmat uylari va boshqa ko‘chmas mulklar to‘g‘risidagi maʼlumotlar 59 %, xarajatlar smetasi to‘g‘risidagi maʼlumotlar 42% ko‘rsatkichlarda eʼlon qilingan.
O‘rganish yakuniga ko‘ra, Agentlik tomonidan 23 ta davlat organlari va tashkilotlariga ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarning buzilishiga yo‘l qo‘ygan masʼul xodimlarni intizomiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida taqdimnoma kiritildi.







