Bayden va Si Szinpin yopiq eshiklar ortida nimalarni muhokama qildi?
AQSH va Xitoy rahbarlari Baydenning Kaliforniyadagi uy muzeyida uchrashdi.

AQSH prezidenti Jo Bayden va Xitoy rahbari Si Szinpin Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (Asia-Pacific Economic Cooperation, APEC) yillik sammiti doirasida yopiq eshiklar ortida muzokara o‘tkazdi.
Jo Bayden Si Szinpinni Kaliforniya shtatidagi Vudsayd shahrida joylashgan "Filoli Estate" uy-muzeyida kutib oldi. Amerika prezidenti hamkasbini shaxsan o‘zi kutib oldi.
Ochilish nutqida Jo Bayden Si Szinpinga AQSHga tashrifi uchun minnatdorchilik bildirdi va Xitoy rahbari bilan Balidagi so‘nggi uchrashuvi haqida gapirdi.


Amerika prezidenti, shuningdek, yetakchilar raqobat mojaroga aylanib qolmaslik uchun harakat qilishlari kerakligini taʼkidladi.
“Men suhbatimizni qadrlayman, chunki siz va men bir-birimizni yetakchi sifatida yaxshiroq tushunishimiz kerak, deb o‘ylayman. Shu bilan birga, xatolarga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak”, — dedi Jo Bayden.
Oq uy rahbarining taʼkidlashicha, liderlar o‘z jamoalari oldida birgalikda ishlash, jumladan, iqlim o‘zgarishi, giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashish va sunʼiy intellekt yondashuvlari bo‘yicha hamkorlik qilishlari kerak.


Si Szinpin bir yil avval Balida AQSH prezidenti Jo Bayden bilan oxirgi marta uchrashganini va o‘shandan beri dunyo o‘zgarganini taʼkidladi.
"Dunyo COVID-19 pandemiyasidan qutuldi, biroq hali ham uning katta taʼsiri ostida. Jahon iqtisodiyoti tiklanmoqda, biroq uning dinamikasi sustligicha qolmoqda", — dedi Si Szinpin.
Xitoy rahbari sammit davomida dunyoning turli muammolari yuzasidan fikr almashishga umid bildirdi.







