"Endi iqlim o‘zgarishini inobatga olib, dunyoqarashimizni ham o‘zgartirishimiz kerak"
Prezident Toshkentda mahallalardagi obodlik va qishga tayyorgarlikni ko‘rdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Habib Abdullayev mahallasida bo‘ldi.
Bu mahallada 4 ming 400 nafardan ziyod aholi yashaydi. Hududda ellikka yaqin savdo do‘konlari va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, taʼlim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. 38 ta ko‘p qavatli uy va to‘rtta ijtimoiy obyektga “Madaniyatli hudud” boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatadi.
Aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Joriy yilda otalar choyxonasi, amfiteatr, “Wi-Fi” hudud barpo etildi, ichki yo‘llar va bolalar maydonchalari taʼmirlandi.
Masʼullarning eʼtibori, aholining hamjihatligi sabab hududning manzarasi tubdan o‘zgardi. “Yashil makon” loyihasi doirasida shu kuzda 2 ming tupdan ortiq manzarali va mevali ko‘chatlar ekildi. Ikkita artizan quduq qazilib, yashil maydonlarni sug‘orish tizimi yaratildi.
Davlat rahbari shu yerda tuman faollari, nuroniylar bilan suhbatlashdi. Ular o‘z mahallalari obod bo‘lgani, energiya tarmoqlari taʼmirlanib, qishga puxta tayyorgarlik ko‘rilganini aytishdi.
Prezident energiyani tejash, xonadonlardagi issiqlikni asrash, har bir insonda bunga daxldorlikni shakllantirish zarurligini taʼkidladi.
- Dunyodagi iqlim o‘zgarishlari bizdan uzoqda, deb bo‘lmaydi. O‘tgan yilgi sovuq buni ko‘rsatdi. Endi iqlim o‘zgarishini inobatga olib, dunyoqarashimizni ham o‘zgartirishimiz kerak. Har bir fuqaro «bu mening uyim, mening mahallam, mening tumanim, mening Vatanim» deb yashasa, natija biz kutgandek bo‘ladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu mahallada ham qish oldidan o‘nta transformator taʼmirlandi, elektr simlari almashtirildi. Ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklar kapital taʼmirlandi, yangi eshiklar o‘rnatildi. Uylarning yerto‘lasidagi issiqlik quvurlari yangilandi.
Davlat rahbariga Chilonzor tumaniga tashrif chog‘ida berilgan topshiriqlarga muvofiq qishga ko‘rilgan tayyorgarlik haqida axborot berildi.







