Samarqanddagi “piramida” o‘nlab fuqarolarni chuv tushirdi
MCHJ 45 nafar fuqaroga kredit ajratib, salkam 500 million pulni "yeb yuborgan".

Samarqand shahrida moliyaviy piramida tashkil etgan MCHJ aniqlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand shahar bo‘limi tomonidan fuqarolarning murojaatlariga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda fuqaro H.H. va boshqalar “Samarqand credit” nomli MCHJni tashkil etib, jismoniy shaxslarning mablag‘larini jalb etishga doir faoliyatni amalga oshirib, “lnstagram” ijtimoiy tarmog‘ida oldindan 20 foiz to‘lov qilib 5 xil turdagi kreditlarni uzoq muddatga olish mumkinligi haqida eʼlonlar bergan. So‘ngra 45 nafar fuqaroga kredit ajratish evaziga 20 foizlik boshlang‘ich to‘lov sifatida jami 479 mln so‘m naqd pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 188-1-moddasi (pul mablag‘larini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.







