Aholi uchun ajratilgan ko‘mirni talon-toroj qilish holatlari aniqlandi
Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qo‘rg‘ontepa tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Ko‘mir taʼminot” MCHJning Qo‘rg‘ontepa ko‘mir ombori masʼul shaxslari kuz-qish mavsumida aholiga imtiyozli narxda yetkazib berish uchun ajratilgan 2 155 tonna ko‘mirni imtiyozli narxda sotilganligi to‘g‘risida soxta hujjatlarni rasmiylashtirib, amalda ushbu ko‘mirni boshqa shaxslarga sotib yuborib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Peshku tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Ko‘mir taʼminot” MCHJning Vobkent ko‘mir ombori masʼul shaxslari kuz-qish mavsumida aholiga imtiyozli narxda yetkazib berish uchun ajratilgan 455,7 tonna ko‘mirni imtiyozli narxda sotilganligi to‘g‘risida soxta hujjatlarni rasmiylashtirib, amalda ushbu ko‘mirni boshqa shaxslarga sotib yuborib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.







