Birjada AI-80 benzini xaridiga kiritilgan limit kamaydi
Avvalroq yoqilg‘i quyish shoxobchalari vakillari va brokerlar kunlik cheklovni 10 tonnadan 4 tonnagacha kamaytirishni taklif qilgandi.

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tovar-xomashyo birjasida AI-80 benzinni xarid qilishning kunlik limitini pasaytirdi. Bu bo‘yicha qo‘mita 21-noyabr kuni tegishli qarorni qabul qildi. 2-noyabrdan Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan AI-80 benzinini birjada xarid qilishning kunlik limiti 10 tonnadan 4 tonnagacha pasaytirildi.
Qo‘mita ushbu qaror o‘tkazilgan tahlillar va kelib tushgan murojaatlar asosida qabul qilinganini qayd etgan.
Biroq boshqa ishlab chiqaruvchilar — “Seg Tasso”, “Natural gas-stream” hamda “Nev silk road oil and gas” kabilar uchun istisno tarzida AI-80 benzinining kunlik xarid limiti 10 tonna bo‘lib qoladi.
Joriy yilning avgust oyida qo‘mita AI-80 rusumli benzinni xarid qilishning kunlik limitini 5 tonna miqdorida belgilagandi. Biroq import narxlarining ichki bozorga taʼsirini yumshatish maqsadida 17-oktyabr kuni limitni ikki barobarga — 10 tonnagacha oshirdi.
Bunga javoban yoqilg‘i quyish shoxobchalari vakillari AI-80 rusumli benzinini xarid qilish bo‘yicha kunlik limitni 10 tonnadan 4 tonnaga kamaytirishni so‘ragandi.
Belgilangan limit yoqilg‘i quyish shoxobchalarining bir qismini yopishga olib kelgan, birjadan benzin sotib olishga muvaffaq bo‘lgan boshqa AYOQSHlarda esa qatorasiga navbatlar paydo bo‘ldi. Undan keyin qo‘mita AI-80 benzinining ulgurji savdosi bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan tushuntirish berdi.
Shuningdek, tovar-xomashyo birjasidagi brokerlar ham AI-80 rusumli benzinni xarid qilishdagi cheklovlar xaridorlar sonining qisqarishiga olib kelganini bildirdi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan kiritilgan cheklovlarni narxlar manipulyatsiyasiga qarshi kurashish bilan izohlab, benzin defitsiti yo‘qligini maʼlum qildi.







