O‘zbek tovarlarining Britaniyaga eksporti hajmi oshiriladi
Londonda O‘zbekiston-Britaniya savdo-iqtisodiy hamkorligini yana-da kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Buyuk Britaniya Biznes va savdo vazirligi Eksport va savdo departamenti bosh direktori Nayl Makkenzi bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da jadallashtirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Xususan, 28-30 noyabr kunlari London shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston – Britaniya kengashining navbatdagi yig‘ilishini yuqori darajada tashkil etish va o‘tkazishga kelishib olindi.
Nayl Makkenzi O‘zbekiston – Britaniya savdo-iqtisodiy aloqalarini yana-da kengaytirish, ikki tomonlama savdo aylanmasi hajmini oshirishda o‘zaro teng manfaatli hamkorlikni olib borish, o‘zbek tovarlarining Britaniyaga eksportini ilgari surishda hamkorlikka tayyorligini bildirdi.







