Buxoroda 5 kunlik chaqaloq operatsiya qilindi
Shifokorlar nuqson bilan tug‘ilgan bolaning hayotini saqlab qolishdi.

19-noyabr kuni viloyat markazidagi 1-son tug‘ruq kompleksida tug‘ilgan chaqaloq ikki tomonlama burun tug‘ma xoana atreziyasi tashxisi bilan viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga shoshilinch ravishda ko‘chirilgan.
Tug‘ma kasallik nuqsoni bilan dunyoga kelgan chaqaloq jarrohlik amaliyotiga muhtoj bo‘lgan. Bir muddat qisqa tayyorgarlikdan so‘ng tibbiyot markazi otoloringologi Yu.Ro‘ziqulova hamda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti dotsenti Х.Abdullayev birgalikda ikki tomonlama burun tug‘ma xoana atreziyasini bartaraf etishga doir jarrohlik amaliyoti bajarilgan. Bu amaliyot markazda avval ham puxta tayyorgarlik bilan o‘tkazilgan, biroq atigi 5 kunlik chaqaloqda bunday amaliyot ilk marotaba amalga oshirilgan.
Jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli bajarilgan. Bolaning burun orqali nafas olishi tiklangan va uning hozirgi umumiy ahvoli qoniqarli.







