Korrupsiyaga qarshi yangi tizim joriy etilmoqda
Bu bo‘yicha Prezident farmoni qabul qilindi.

"Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan 9 ta ustuvor yo‘nalish, 30 ta chora-tadbirlardan iborat Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023–2024-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi tasdiqlandi.
2023-yil 1-dekabrdan boshlab quyidagi maʼlumotlar ochiq elon qilib boriladi:
—“Haj” tadbiriga borish uchun navbatda turgan ziyoratchilarning yagona onlayn navbati;
—bolalarni davlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga qabul qilish uchun berilgan arizalar navbati;
—bo‘sh ish o‘rinlari, ishga qabul qilish shartlari, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar va taqdim qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar;
—nodavlat notijorat tashkilotlariga ajratilgan grant va ijtimoiy buyurtma loyihalari va bajargan ishlari yuzasidan hisobotlari.
Shuningdek, jarayonlarni internet tarmog‘ida jonli efirga uzatish tartibi joriy etiladi:
—falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun Ilmiy kengash tomonidan o‘tkaziladigan dissertatsiya himoyasi;
—barcha akademik litseylar, professional taʼlim muassasalari, maxsus akademik litseylar (“Temurbeklar maktablari” harbiy-akademik litseylarining test jarayonlari), shuningdek, prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablariga kirish imtihonlari;
—oliy taʼlim muassasalari bazasidagi harbiy kafedralarga qabul qilishdagi saralash tanlovlari.
Davlat idoralarining Ishonch telefonlari faoliyati samaradorligi monitoring qilib boriladi hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha taqdimnoma kiritiladi.







