Bosh prokuratura “Antistrumin” ishi" bo‘yicha bayonot bilan chiqdi
OAV va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tergov tugagunga qadar jinoyat ishiga oid maʼlumotlarni tarqatmaslikka chaqirildi.

“Antistrumin” dori vositasi bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan jinoyat-protsessual qonunchilik asosida dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Bosh prokuratura bayonotiga ko‘ra, hozirgi kunda mazkur jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari yakuniga yetmagan bo‘lsa-da, jinoyat ishi doirasida 3 nafar ayol qamoqqa olingani haqidagi maʼlumotlar har xil talqin qilingan holda ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan. Qayd qilinishicha, ushbu maʼlumotlar tergovning obyektiv va xolisona olib borilishiga xalaqit bermoqda.
Bosh prokuratura Jinoyat-protsessual kodeksi talablaridan kelib chiqib, tergov harakatlari olib borilayotgan vaqtda shaxsga doir maʼlumotlarni tarqatish va tergovga aralashish qonun bilan taqiqlanishini eslatib o‘tdi.
"Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, tergov tugaguniga qadar ijtimoiy tarmoqlarda ushbu jinoyat ishiga oid maʼlumotlarni tarqatmaslikka chaqiramiz", — deyiladi bayonotda.
Taʼkidlanishicha, tergov natijasi haqida qo‘shimcha ravishda maʼlumot beriladi.







