Toshkentdagi maktabda doskaga 100 dollardan pul yig‘ilayotgani aytildi
Holatga shahar MMTB munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqda Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi 284-sonli maktab tenderdan 10 ta elektron doskani yutgani, endilikda doskalar uchun har bir sinf ota-onalaridan 100 dollardan pul yig‘ib berish talab qilinayotgani haqida xabar tarqaldi.
Holat yuzasidan shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi Ishchi guruhi o‘rganish olib borgan. Maʼlum bo‘lishicha, yuqoridagi xabar o‘z isbotini topmagan.
Maʼlumot uchun, Sergeli tumanidagi 284-sonli umumtaʼlim maktabi 2023 yilning I-mavsumida “Tashabbusli budjet” platformasi orqali yutib olgan 1 200 000 000 so‘m mablag‘ evaziga 23 dona elektron doska xarid qilingan. 2023 yilning II-mavsumida esa “Tashabbusli budjet” platformasi orqali yana 1 300 000 000 so‘m mablag‘ yutib olinib, 20 dona elektron doska olingan va sinflarga tarqatilgan.
"Elektron doskalar uchun o‘quvchilar va ularning ota-onalaridan hech qanday pul mablag‘lari yig‘ilmagan", deyiladi xabarda.







