IMEI bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilandi
Ushbu masala Senatning 47-yalpi majlisida ko‘rib chiqildi.

Senatning 47-yalpi majlisida xorijdan olib kelinayotgan yoki bloklangan uyali aloqa qurilmalariga ma’lum bir haq evaziga o‘zgalarning IMEI kodlarini ko‘chirib berish holatlari ko‘payib borayotgani ta’kidlandi.
Qayd etilishicha, hozir birgina IMEI kodida 5011 ta, yana boshqa bir IMEI kodida esa 2347 ta SIM-kartalar bir vaqtda faol holatdaligi aniqlangan.
Qonunchilikda bunday harakatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan biron-bir huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash belgilanmagan.
Shu sababli qonunchilikdagi mazkur bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga mobil qurilmaning xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodini yoki abonent qurilmasining identifikatsiyalash modulini qonunga xilof ravishda o‘zgartirganlik uchun ma’muriy javobgarlik kiritilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullangan.







