Jahon banki IT sohasini rivojlantirish uchun O‘zbekistonga 50 million dollar ajratadi
Yangi loyiha O‘zbekistonga ITES xizmatlari sektoridan iqtisodiy o‘sish, yangi ish o‘rinlari yaratish va xorijiy sarmoyalarni jalb qilish katalizatori sifatida foydalanishga yordam beradi.

Jahon banki O‘zbekistonda “raqamli inklyuzivlik” loyihasini amalga oshirish uchun 50 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratadi, deya xabar qildi tashkilot matbuot xizmati.
Maʼlumotlarga ko‘ra, loyiha hukumatning raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi, shuningdek, qishloq va chekka hududlardagi minglab yoshlarning raqamli ko‘nikmalarga o‘rgatish va axborot texnologiyalari xizmatlarida ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Jahon banki tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan yangi loyiha O‘zbekistonga ITES xizmatlari sektoridan iqtisodiy o‘sish, yangi ish o‘rinlari yaratish va xorijiy sarmoyalarni jalb qilish katalizatori sifatida foydalanishga yordam beradi. Bu mamlakatning qishloq va chekka hududlarida istiqomat qiluvchi 30 yoshgacha bo‘lgan minglab yoshlarni o‘qitish maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi IT-Park tomonidan amalga oshiriladi.
Loyiha doirasida ushbu shaxslarni ish bilan taʼminlaydigan ITES kompaniyalariga turli imtiyozlar beriladi, deyiladi xabarda.
Aniqlik kiritilishicha, 2029 yilda O‘zbekistonning ITES xizmatlari sohasida 25 mingga yaqin kishi ish bilan taʼminlanadi va 15 mingga yaqin fuqaro turdosh sohalarda ish topishi mumkin bo‘ladi.







