Qatag‘on qilingan 170 nafardan ortiq shaxs oqlandi
Kecha bu bo‘yicha sud majlisi bo‘lib o‘tgan.

Kecha, 1-dekabr kuni O‘zbekiston Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasi mustabid sovet tuzumi davrida qatag‘on qurboni bo‘lgan va hozirgi kunga qadar oqlanmagan 174 nafar shaxsga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqdi.
Oliy sudga 1930-1931 yillarda hozirgi Surxondaryo, Buxoro, Samarqand va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarida bosmachilik harakati aʼzolari bo‘la turib, qurolli to‘da tuzib, sovet hokimiyatiga qarshi qurolli qo‘zg‘olonlar hamda aksilinqilobiy bosmachilik harakatini amalga oshirganlikda ayblangan O‘zbekiston SSR fuqarolari bo‘lgan 174 nafar shaxsga oid 6 ta jinoyat ishi kelib tushib, ishchi guruh tomonidan o‘rganilgan.
Bosh prokuror o‘rinbosari tomonidan yuqorida ko‘rsatilgan jinoyat ishlari yuzasidan Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼatiga apellyatsiya protestini berish muddatini tiklash haqidagi iltimosnomalar hamda apellyatsiya tartibida protestlar keltirilgan.
2023 yil 1 dekabr kuni ochiq sud majlislarida ushbu iltimosnomalar va protestlar ko‘rib chiqilib, qanoatlantirilgan hamda Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan jami 6 ta jinoyat ishi bo‘yicha 174 nafar shaxsga nisbatan Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining oqlov hukmlari chiqarilgan.







