Toshkentda “Saidaziz medgorodok” qo‘lga olindi
U shaharda bir nechta jinoyatlarini sotib etgan.

Toshkentda bir nechta jinoyatlarni sodir etgan Saidaliyev Saidaziz Saidaglamovich qo‘lga tushdi. Bu haqda shahar IIBB xabar berdi.
Qayd etilishicha, Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (“Tovlamachilik”) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergov qilinmoqda. Mazkur jinoyat ishi doirasida o‘tkazilgan tergov-tezkor harakatlari doirasida bir qator jinoiy holatlar aniqlangan.
Jumladan, Toshkent shahrida “Saidaziz medgorodok” laqabi bilan tanilgan, 1987 yilda tug‘ilgan Saidaliyev Saidaziz Saidaglamovich sport bilan shug‘ullangan bir nechta shaxslarni o‘z atrofiga jalb qilib bir nechta jinoyatlarni sodir etgan. Xususan, qarzdorlik va boshqa muammolari bo‘lgan shaxslarni muammolarini qonunni chetlab o‘tgan holda hal qilib berish evaziga moddiy jihatdan manfaatdor bo‘lish, tahdidlar yo‘li bilan pul mablag‘larini noqonuniy qo‘lga kiritish, bezorilik va tamagirlik holatlari shular jumlasidan.
Jinoyat ishi doirasida gumon qilinuvchi S.Saidaliyev va boshqa bir nechta shaxslarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov davom etmoqda.







