Pokistonda avtobusga uyushtirilgan hujumda 9 kishi halok bo‘ldi
Shuningdek, 26 kishi tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan.

Pokiston shimolida jinoyatchilar avtobusga qarata o‘t ochishi oqibatida 9 kishi, jumladan, ikki askar halok bo‘ldi.
Hodisa shanba kuni kechqurun Gilgit-Baltiston viloyati shimolidagi Chilas tumanida sodir bo‘lgan.
Hujum vaqtida haydovchi avtobus boshqaruvini yo‘qotib, yuk mashinasiga borib urilgan. Yuk mashinasi yonib ketgan, ikkala mashina haydovchilari halok bo‘lgan.
Jami 26 kishi tan jarohati olib, mahalliy shifoxonaga yetkazilgan.
Gilgit-Baltiston ichki ishlar vaziri Shams Laun jurnalistlarga voqea "terror hujumi" ekanini va halok bo‘lganlar orasida ikki pokistonlik harbiy ham borligini aytdi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hudud muftiysi Sher Zamon ham yaralangan.
“Texrik-i-Taliban Pokiston” yoki TTP vakili Muhammad Xorosoniy o‘z bayonotida guruhning voqeaga aloqasi yo‘qligini aytdi.







