Jahon banki O‘zbekistonga 800 mln dollar ajratdi
U ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Jahon banki O‘zbekistonda rivojlanish siyosatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha operatsiyani maʼqulladi. Operatsiya doirasida bank hukumatga maxsus imtiyozli shartlar asosida 800 million AQSH dollari miqdorida kreditlar shaklida moliyaviy yordam beradi.
Ushbu turdagi operatsiya Jahon bankining dunyoning turli mamlakatlarida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan maxsus moliyaviy vositasi hisoblanadi. Operatsiya doirasida mamlakat hukumatiga ijtimoiy, iqtisodiy va iqlim o‘zgarishi sohalaridagi islohotlarning yangi bosqichini amalga oshirish uchun moliyaviy yordam ko‘rsatiladi.
Mazkur islohotlardan ko‘zlangan maqsad mamlakatning bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonini jadallashtirish, fuqarolarga teng iqtisodiy imkoniyatlarni taʼminlash va milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishi uchun mustahkam zamin yaratishdan iborat.







