Toshkentda 1 milliard so‘mlik pirotexnika vositalari va tamaki mahsulotlari saqlanayotgan ombor aniqlandi
Joriy yilning o‘tgan davrida bojxonachilar tomonidan qiymati salkam 2,7 milliard so‘mlik pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya va Ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda yirik miqdordagi pirotexnika vositalarining xonadondagi yashirin ombori fosh qilindi.
Poytaxtimizning Sergeli tumanidagi avvaldan kuzatuvga olingan shaxsning xonadoni belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, bu yerda xorijda ishlab chiqarilgan va muqaddam turli yo‘llar bilan respublikamizga olib kirilgan 162 ming 153 dona salyutlar va petardalar saqlanayotgani maʼlum bo‘ldi.


Shuningdek, bu yerda xorijda ishlab chiqarilgan, ammo raqamli markirovka kodlariga ega bo‘lmagan 9500 quti tamaki mahsulotlari ham saqlanayotgan ekan.
Shunday qilib, tezkor tadbir davomida olib qo‘yilgan pirotexnika vositalari va tamaki mahsulotlarining umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 milliard so‘mdan oshmoqda.



Eslatib o‘tamiz, respublikamiz bojxonachilari tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida aniqlangan 140 ga yaqin bojxona qonunbuzilishi holatlarida qiymati salkam 2,7 milliard so‘mlik 3 million 158 ming donadan ziyod pirotexnika vositalarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib kirilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yilgan.
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.







