Mashhur aktyor Jerar Depardye jinsiy zo‘ravonlikda ayblanmoqda
Jurnalist ayol Ispaniya politsiyasiga deyarli 30 yil avval fransuz aktyori tomonidan zo‘ravonlik qurboni bo‘lganini aytib, murojaat qildi.

La Vanguardia gazetasining xabar berishicha, ispaniyalik jurnalist Rut Basa fransuz aktyori Jerar Depardyeni jinsiy zo‘ravonlikda aybladi. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, ushbu holat 1995 yilda sodir etilgan.
Jurnalist Ispaniya politsiyasiga deyarli 30 yil avval fransuz aktyori tomonidan zo‘ravonlik qurboni bo‘lganini aytib, murojaat qilgan. Uning aytishicha, u Parijda aktyordan intervyu olganida ushbu holat sodir bo‘lgan. Jurnalist ayol o‘shanda 23 yoshda bo‘lgan.
Bu joriy yilning o‘zida aktyor bilan bog‘liq birinchi holat emas. Ayollarga nisbatan haqoratomuz so‘zlari uchun Deparde allaqachon Fransiyaning eng oliy mukofoti – "Faxriy legion" ordenidan mahrum qilingan edi.
Bunga KXDRga tashrif bilan bog‘liq epizodni o‘z ichiga olgan hujjatli film sabab bo‘ldi. Koreyada aktyor ayollar va voyaga etmagan qizlarga nisbatan nojo‘ya gaplarni so‘zlagandi.







