Toshkent metrosida yana “muammo” chiqdi
Metropoliten yuzaga kelgan holat uchun uzr so‘radi.

Bugun, 20-dekabr kuni Toshkent metrosining “Do‘stlik” bekatida yana nosozlik kuzatildi.
Qayd etilishicha, soat 16:50 larda 31-sonli harakat tarkibi “O‘zbekiston” yo‘nalishining aylanma yo‘lidan “Do‘stlik” bekatiga chiqqan, ammo mashinist tomonidan ushbu harakat tarkibining havo kompressoridagi atmosfera bosimi belgilangan normadan kamligi aniqlangan. Shu boisdan yo‘lovchilar hamda harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida metro poyezdi tekshiruv yo‘lagi tomon yuborilgan.
Shuningdek, yo‘nalishdagi harakat jadvali buzilishini oldini olish maqsadida mavjud zaxira poyezdi zudlik bilan harakatga qo‘yilgan va bekatdagi yo‘lovchilarni olib harakatini davom ettirgan.
Hozirgi vaqtda yo‘nalishdagi poyezdlar belgilangan jadval asosida harakatlanmoqda.







