Bo‘ron sabab Buxoro aeroporti faoliyati cheklandi
Ayrim reyslar boshqa aeroportga yo‘naltirilgan.

Kuchli chang bo‘roni, ko‘rish masofasining 500 m gacha pasayishi sababli “Buxoro” aeroportida soat 11:40 gacha havo kemalarini qabul qilishda vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi.
Shu munosabat bilan “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Toshkent-Buxoro yo‘nalishi bo‘yicha HY21 reysi mahalliy vaqt bilan soat 08:56 da Navoiy shahridagi muqobil aerodromga qo‘ndi. Yo‘lovchilar yer usti transportida Buxoroga yetkazilgan.
Shuningdek, bugungi HY285/286 reyslari o‘zgartirilgan jadval va yo‘nalish bo‘yicha amalga oshiriladi:
HY285 Navoiy – Istanbul, jo‘nash mahalliy vaqt bilan soat 13:00 da.
HY286 Istanbul – Buxoro, jo‘nash mahalliy vaqt bilan soat 19:15 da, Buxoroga yetib kelish 23:25 da.
HY22 Buxoro – Toshkent, jo‘nash mahalliy vaqt bilan soat 00:01 da, Toshkentga yetib kelish soat 01:00 ga rejalashtirilmoqda.







