Xonadonlarga O‘zbekiston bayrog‘ini o‘rnatishda rahbarlar namuna bo‘lishi kerakligi aytildi
Bu haqida Zoir Mirzayev yoshlar bilan ochiq muloqotda gapirdi.

23-dekabr kuni Zoir Mirzayev va sektor rahbarlari viloyatdagi mavjud shahar va tumanda istiqomat qiluvchi yoshlar yetakchilari hamda faol yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Uchrashuvda viloyat hokimi O‘zbekiston bayrog‘ini xonadonlarga o‘rnatish haqida gapirib, davlat tashkilotida ishlovchi, siyosiy faol rahbarlar bunda namuna ko‘rsatishi kerakligini aytgan.
«Xabaringiz bor, O‘zbekistonda shu paytgacha davlat bayrog‘ini davlat muassasasi tomidan boshqa joyga osish mumkin emasdi. To‘g‘rimi, xonadonlarga osishga ruxsat berildimi? Qaysi yetakchining tomida davlat bayrog‘i osilgan turibdi? Qaysi mahalla raisining yoki qaysi viloyat tashkiloti rahbari uyining tomida davlat bayrog‘i osilgan turibdi?
Kechirasizku, davlat siyosati ichida yurgan odam bu - o‘rnak, bu shaxsiy namuna. Boshqa davlatlarga borsangiz, balkonlarda minglab bayroqlar osilgan turibdi. Kim namuna ko‘rsatadi? Bu yerga siyosat ichida yurgan, eng ilg‘or qatlam yig‘ilgan, kelajak egalari yig‘ilgan», — deydi Zoir Mirzayev.
Yoshlar bilan uchrashuvda maʼlumot bergan Zoir Mirzayevga ko‘ra, Toshkent viloyati aholisining 50,02 foizini yoshlar tashkil qiladi.
Avvalroq O‘zbekiston davlat bayrog‘idan foydalanish mumkin bo‘lgan holatlar kengaytirilib:
-
bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan jamoat joylarida, binolarda, yashash yoki ish joylarida, transport salonida;
-
bayroqdan sport musobaqalari, ommaviy, tantanali va madaniy tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarini nishonlashda, jamiyat va davlat arboblari, harbiy xizmatchilar dafn marosimlarida;
-
xalqaro sport musobaqalari hamda O‘zbekiston chempionatlari uchun sport kiyimlarini tayyorlash uchun bayroqning tasviri tushirilgan belgilardan foydalanish mumkinligi belgilangandi.







