Toshkentda harakat vaqtida sigaret chekkan avtobus haydovchisi ishdan olindi
Holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda avtobus haydovchisining harakat vaqtida tamaki chekayotgani aks etgan video tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan "Toshshahartransxizmat" AJ Axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, yo‘lovchi transportida harakat xavfsizligini nazorat qilish xodimlari tomonidan tezkor surishtiruv ishlari o‘tkazilgan.
Natijada joriy yilning 28 dekabr kuni mazkur qoidabuzarlik "18-Avtobus saroyi" filiali tasarrufidagi 87-sonli yo‘nalishda harakatlanuvchi Yutong rusumli avtobus haydovchisi I.A. tomonidan sodir etilgani aniqlangan.
Har bir haydovchiga yo‘nalishda tartib intizomni saqlash, yo‘lovchi tashish qoidalari va madaniyatiga rioya etish va korxonaning ichki mehnat tartibiga amal qilish, shuningdek, harakat vaqtida uyali aloqa telefonidan foydalanmaslik va tamaki mahsulotini isteʼmol qilmaslik bo‘yicha yo‘riqnoma o‘tkazilgan bo‘lib, har bir haydovchidan yuqoridagi talablarga rioya etishi yuzasidan kafolat xati olingan.
Ushbu kafolat xatiga asoslanib, avtobusni boshqarish vaqtida tamaki mahsulotini isteʼmol qilib, korxona ichki tartib qoidalarini buzgani uchun haydovchiga nisbatan qatʼiy chora ko‘rilib, haydovchi I.A. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.







