“Qo‘yliq” bozoridagi tadbirkorlar "Food City" va "Tashkent Index"ga ko‘chiriladi
Poytaxt hokimligining maʼlum qilishicha, Toshkent qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji bozorida rekonstruksiya ishlari boshlanadi.

Poytaxtning barcha bozorlariga mahsulotlarni asosiy yetkazib beruvchisi bo‘lgan Toshkent qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji bozorida rekonstruksiya ishlari boshlanadi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, bozorga olib kelinayotgan mahsulotlar bozor hududiga sig‘may, atrofidagi hududlarda, shu jumladan Chirchiq kanali bo‘yida tartibsiz savdo amalga oshirilayotgani hamda bozor hududiga kuniga 600 dan ortiq yuk mashinalari kirib-chiqishi avtomobil yo‘llarning tirbandligiga asosiy sabab bo‘lmoqda va aholiga jiddiy noqulayliklar yaratmoqda.
Rekonstruksiya davrida tadbirkorlar o‘z faoliyatini "Food City", "Tashkent Index" va boshqa savdo majmualarida tashkil etilgan sharoitlarda davom ettirilishi taklif qilinadi.
Bunda, tadbirkorlar mulklarini ko‘chirish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar (transport, yuklash, tushirish va boshqalar) bepul amalga oshiriladi hamda savdo majmualaridagi do‘konlar uchun ijara to‘lovlaridan 3 oy muddatga ozod qilinadi.
Aholiga qulay sharoit yaratish maqsadida “Qo‘yliq” massividan bozor hududigacha yo‘lkira olinmaydigan 10 ta avtobus yo‘nalishga qo‘yilib, jamoat transporti uchun shoh bekat tashkil qilindi va shaharning barcha yo‘nalishlarga chiqish imkoni yaratildi.
Bozorda faoliyat yuritayotgan 144 nafar ishchi-xodimlar "Food City" va "Tashkent Index" savdo majmualarida ish bilan taʼminlanadi.







