O‘tgan yilgi savdo jarayonlarida 20 mingdan ortiq raqobatga zid harakat aniqlangan
Qo‘mita va hududiy boshqarmalar tomonidan 2023 yilda davlat buyurtmachilari tomonidan o‘tkazilgan 62 465 ta tanlov savdolarida tahlil ishlari olib borildi.

Raqobat qo‘mitasi tomonidan davlat xaridlarida “Raqobat to‘g‘risida”gi hamda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan belgilangan tartibda nazorat va tahlil ishlari amalga oshirib kelinmoqda.
Qo‘mita va hududiy boshqarmalar tomonidan 2023 yilda davlat buyurtmachilari tomonidan o‘tkazilgan 62 465 ta tanlov (tender) savdolarida tahlil ishlari olib borildi.
Shundan, buyurtmachilar tomonidan 18 738 ta (30 %) savdolar jarayonida 27 730 ta raqobatga zid harakatlar aniqlandi.
Xususan, Qo‘mita markaziy apparati mutaxassislari tomonidan jami 23 296 ta tanlov (tender) savdolarida tahlil ishlari olib borildi. Tahlil natijasida buyurtmachilar tomonidan 5 118 ta (21,9 %) savdolar jarayonida 7 640 ta raqobatga zid holatlar aniqlangan bo‘lsa, hududiy boshqarmalari tomonidan esa jami 39 196 ta tanlov (tender) savdolarida tahlil ishlari olib borildi. Tahlil natijasida buyurtmachilar tomonidan 13 620 ta (35 %) savdolar jarayonida 20 090 ta raqobatga zid harakatlar aniqlangan.
Shuningdek, qonun buzilishlarining raqobatga zid holatlar kesimida o‘rganilganda 70,0 % holatlar savdolar o‘tkazishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibni buzish (baholash mezonlarini belgilamaslik, affillanganlik holatlari, noto‘g‘ri baholash, shartnoma tuzishni rad etish, manfaatlar to‘qnashuvini oldini olmaslik va b.) bilan bog‘liq bo‘lsa, 30,0% da Savdolar ishtirokchilarini asossiz ravishda chetlashtirish (ishtirokchilarni asossiz chetlashtirish, ayrim ishtirokchilarga imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish, haddan ziyod yuqori texnik talablar belgilash, yetkazib berish muddatlarini qisqa belgilash, savdolarning predmetiga texnologik va funksional jihatdan bog‘liq bo‘lmagan qo‘shimcha xizmatlarni kiritish kabilar tashkil etadi.
Misol uchun,
1. “ Milliy bank” AJ tomonidan boshlang‘ich qiymati 20,4 mlrd so‘mga teng bo‘lgan “Andijon viloyatidagi bank filialining yangi binosini qurish” uchun o‘tkazilgan tenderda ishtirokchilarni asossiz xarid tartib taomillaridan chetlatilganligi aniqlangan. Tanlov natijasi Qo‘mitaning ko‘rsatmasiga asosan buyurtmachi tomonidan bekor qilinib, tender savdolari takroran o‘tkazilgan.
2. Xorazm viloyati Bog‘ot tumani obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan 5 ta lotda qiymati 5,6 mlrd so‘mga teng bo‘lgan maxsus texnikalarni xarid qilish uchun o‘tkazilgan tanlov savdolarida ishtirokchilarning taklif hujjatlarini baholashda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan va bu holat xarid natijasiga taʼsir ko‘rsatgan. Tanlov natijasi Qo‘mitaning ko‘rsatmasiga asosan buyurtmachi tomonidan bekor qilinib, tender savdolari takroran o‘tkazilgan.
3. “O‘rta Chirchiq GESlar kaskadi” UK tomonidan o‘tkazilgan maxsus texnik jihozlar xaridi bo‘yicha boshlang‘ich narxi 3 mlrd 550 mln so‘m bo‘lgan 2 ta lot tanlovida ishtirokchilarni asossiz ravishda chetlashtirilgan va raqobatni cheklashga olib keladigan holatlar aniqlangan. Qo‘mita maxsus komissiyasi qarori bilan “O‘rta Chirchiq GESlar kaskadi” UKga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rilib, Qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatma berilgan.
4. Farg‘ona viloyati 2-son tumanlararo ftiziatriya dispanseri tomonidan boshlang‘ich qiymati 969,9 mln so‘m bo‘lgan “Raqamli rentgen apparati flyuorografiya bilan” xaridlarida raqobatni cheklashga olib keladigan talablar kiritilgan. Tanlov natijasi Qo‘mita tomonidan qo‘zg‘atilgan ish doirasida buyurtmachi tomonidan ixtiyoriy bekor qilinib, savdolar takroran o‘tkazilgan.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan 44 ta maktablarda yo‘l harakati xavfsizligi xonalarini tashkil qilish va uskunalar bilan taʼminlash bo‘yicha boshlang‘ich qiymati 1.6 mlrd so‘m bo‘lgan tanlovlarda savdolarni o‘tkazish bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan tartiblarining buzilishi hamda ayrim tadbirkorlik subyektlariga imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berganlik holatlari aniqlangan. Tanlov natijasi Qo‘mitaning ko‘rsatmasiga asosan buyurtmachi tomonidan bekor qilinib, takroran o‘tkazilgan.
Yuqorida aniqlangan holatlar yuzasidan qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan 500 ga yaqin mansabdor shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.







