Bosh vazirga bir qancha hokimlarning lavozimiga loyiqligini hal qilish topshirildi
Iqtisodiy kompleks rahbariyatiga esa yil yakuniga qadar 70 ta, kelasi yili barcha tumanlarning master rejalarini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Byudjet tushumi uchun eng katta zaxira – yerlarni tadbirkorlarga auksion orqali sotish. O‘tgan yili bundan 1 trillion so‘m tushum bo‘lgan, 12 mingta yangi loyihalar qo‘shilgan. Lekin, joylardagi sustkashlik bois, o‘tgan yili 3 trillion so‘m qo‘shimcha tushum boy berilgan.
Bosh vazirga yil davomida auksionga umuman yer chiqarmagan Baliqchi, Jalalquduq, Bektemir, Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Yunusobod, Yakkasaroy tumanlari hokimlarining lavozimiga loyiqligini hal qilish topshirildi.
Davaktiv agentligi yerlarni auksionda sotish bo‘yicha 4 trillion so‘mlik rejani tumanbay ishlab chiqishi va ijrosini ta’minlashi belgilandi. Tumanning master rejasi bo‘lsa, bu juda katta mablag‘, tadbirkorlar va bandlik uchun manba bo‘ladi. Lekin, hozirgacha bor-yo‘g‘i 17 ta kichik aholi punktining master rejasi tayyorlandi.
Iqtisodiy kompleks rahbariyatiga yil yakuniga qadar 70 ta, kelasi yili barcha tumanlarning master rejalarini ishlab chiqishga topshiriq berildi.







