“Parij-2024” mashʼalasini olib o‘tishda 11 ming kishi qatnashadi
Mashʼala 26 iyulga qadar Fransiya va chegaradosh mamlakatlarning 50 dan ziyod shahri va aholi manzilidan olib o‘tiladi.

Fransiyada o‘tadigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi eʼlon qilgan yangilikka ko‘ra, anjuman mashʼalasi bilan bog‘liq tantanali marosimlarda jami 11 ming nafardan iborat ijrochilar ishtirok etadi.
Olimpiya mashʼalasi estafetasi va tantanali alanga oldirish tadbiri rasmiy homiylari “Coca-Cola”, “Banque Populaire” va “Caisse d‘Epargne” kompaniyalari. Dasturga binoan, yurish marshi o‘yinlarga uch oydan ko‘proq muddat qolganda, yaʼni 8 mayda boshlanadi.
Olimpiya va Paralimpiya mashʼalasi uch ustunli “Belen” kemasida Marselga olib kelinadi, so‘ng Fransiya bo‘ylab sayohat tashkil etiladi.
“Parij-2024” mashʼalasi 26 iyulga qadar Fransiya va chegaradosh mamlakatlarning 50 dan ziyod shahri va aholi manzilidan olib o‘tiladi.
Sport, jamoat va mintaqaviy energiya tamoyilini mujassam etadigan, Olimpiya haroratini insonlar qalbiga jo etishga xizmat qilishga qaratilgan mashʼala tadbiri ko‘pchilikning yodida qolishi shubhasiz, deyiladi Fransiya OAV tarqatgan xabarda.







