Toshkentda ayollar va qizlar uchun o’z-o’zini himoya qilish mashg’ulotlari o'tkazilmoqda
Ishtirokchilar o’z-o’zini himoya qilish ko’nikmalaridan tashqari, nizolarni hal qilish, ochiq muloqot va stressni boshqarish usullarini o’rganadilar.

AQSh elchixonasi ayollar va qizlar uchun o’z-o’zini himoya qilish mashg’ulotlarining Toshkentdagi yangi bosqichini mamnuniyat bilan e’lon qildi.
Uyda, ishda yoki ko’chada bo’lishingizdan qat’iy nazar shaxsiy xavfsizlik sizning huquqingiz bo’lishi kerak. Afsuski, ayol va qizlarning har uchinchisi o’z hayotida, aksariyat hollarda ular tanigan insonlar tomonidan, jismoniy zo’ravonlikka uchrashi buning aksini ko’rsatmoqda.

Muammo shu qadar keng tarqalganki, ehtimol sizning atrofingizdagi kimdir – oilangiz a’zosi, qo’shningiz, hamkasbingiz, do’stingiz yoki hattoki o’zingiz ham – shunga o’xshash zo’ravonliklarga duch kelgan bo’lishingiz mumkin. Afsuski, ko’chadagi bezorilik va ta’qiblar butun dunyo ayollari uchun kundalik haqiqatdir.
AQShning O’zbekistondagi elchixonasi Sambo bo’yicha O’zbekiston ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi, jiu-jitsu va dzyudo bo’yicha professional instruktorlar, Amerika psixologlar assotsiatsiyasi a’zosi bo’lgan professional psixolog – AQSh xalqaro almashinuvi dasturlarining bitiruvchilari – bilan hamkorlikda qizlar va ayollar o’zlarini himoya qilishlari uchun zarur bo’lgan ko’nikmalar va o’z-o’ziga bo’lgan ishonchni rivojlantirishga qaratilgan o’z-o’zini himoya qilish bo’yicha o’quv dasturining 2024-yildagi yangi raundini Toshkent shahrida boshlamoqda.

Mashg’ulotlar 2024-yil yanvar oyidan boshlab BeFit Box zamonaviy sport zalida uch oy davomida o’tkaziladi. Mashg’ulotlarning aniq boshlanish sanasi bo’yicha ma’lumot tanlab olingan barcha ishtirokchilarga qo’shimcha ravishda yetkaziladi. Ikkita yosh boy’icha tuzulgan guruh tayinlanadi, har bir guruh ishtirokchilari soni 30 kishidan oshmaydi.

Ishtirokchilar o’zlarini jismoniy zo’ravonlikdan himoya qilish, yaxshi jismoniy holat va osoyishtalikni saqlash uchun bir qator texnika va mashqlarni o’rganadilar.
Ishtirokchilar o’z-o’zini himoya qilish ko’nikmalaridan tashqari, nizolarni hal qilish, ochiq muloqot va stressni boshqarish usullarini o’rganadilar.








