Andijonlik er-xotin 1 yoshli bolasini urib, ko‘mib yuborgani aytildi
Holatga Bolalar ombudsmani izoh berdi.

Ijtimoiy tarmoqda taxminan 1 yashar go‘dakni ayol shafqatsizlarcha urayotgani, yana bir lavhada esa ana shu bolani ayol bilan erkak yerga ko‘mayotgani tasvirlangan video tarqaldi.
Aniqlanishicha, bu shaxs Andijon viloyati Jalaquduq tumanida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan A.G. bo‘lib, hozirgi paytda u (2016 yildan beri) Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk shahrida turmush o‘rtog‘i B.I. bilan yashab keladi. Shuningdek, videotasvirdagi go‘dak A.G. va B.I.ning 2019 yilda tug‘ilgan farzandi R.X. ekanligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tegishli so‘roviga asosan Bosh konsulxona hamda Novosibirsk oblasti IIV xodimlari bilan o‘zaro tezkor maʼlumotlar almashinishi natijasida, 19 yanvar kuni B.I va A.G. lar Berdyansk shahrida qo‘lga olinib, prosessual tartibda hibsga olindilar.
Rossiya Federatsiyasi Tergov Qo‘mitasining Novosibirsk shahri (Oktyabrskiy rayoni) tergov boshqarmasi tomonidan A.G. va B.I. ga nisbatan RF JK 117-moddasi (qiynash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mazkur jinoyat ishi yurituvi doirasida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan voyaga yetmagan R.X. manfaatlarini taʼminlash yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Rossiya Federatsiyasi tergov qo‘mitasi bilan huquqiy hamkorlik choralarini davom ettirmoqda. Bu borada qo‘shimcha ravishda maʼlumot beriladi.







