Bog‘chadagi yosh qizlarga tegajog‘lik qilgan o‘spirin 6 yilga qamaldi
U bog‘cha mudirasining 15 yoshli o‘g‘li bo‘lgan.

Avvalroq Toshkent shahridagi maktabgacha taʼlim muassasalaridan birida yuqori sinfida o‘qiydigan yigit tayyorlov guruhidagi 4 nafar qizni majburlab yechintirgan holda ularga tegajog‘lik qilgani aytilgandi.
23 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida voyaga yetmagan X. Sh.ga (2008 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan) oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi eʼlon qilindi. Bu haqida Oliy sudi Jamoatchilik bilan aloqalar markazi rahbari xabar berdi.
Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining sudyasi J. Kurbanov raisligida Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan.
Eʼlon qilingan sud hukmiga muvofiq X. Sh. Jinoyat kodeksining 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 85-moddasi (ozodlikdan mahrum qilish) 2-qismi “v” bandiga asosan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni tarbiya koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi maʼlum qilindi.







