Otabek Sattoriyning qachon ozodlikka chiqishi ma’lum bo'ldi
Surxondaryolik bloger tez orada ozodlikka chiqishi mumkin.

Bu haqda O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati faoli Abdurahmon Tashanov o‘zining Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.
Jamiyat axborot xizmatining bildirishicha, Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish departamenti Abdurahmon Tashanovning ikki mahkum — Dauletmurat Tojimuratov hamda bloger Otabek Sattoriy bilan uchrashuviga imkoniyat yaratib bergan.
Jamiyatimiz faoli Abdurahmon Tashanov shu yilning 12-yanvar kuni Navoiyda Dauletmurat Tojimuratov, 13-yanvarda esa Qarshida bloger Otabek Sattoriy bilan uchrashdi. Tashanovga ko‘ra, ikki mahkumning ham sog‘lig‘i bilan bog‘liq holatdan e’tirozi yo‘q. Ular o‘zlariga nisbatan chiqarilgan sud hukmlaridan norozi, kelgusida o‘zlarining haq-huquqlari uchun kurashni davom ettirishmoqchi, — deyiladi jamiyat axborot xizmati xabarida.
Abdurahmon Tashanovning Qarshidagi manzil kaloniya boshlig‘iga tayanib yozishicha, bloger Otabek Sattoriy 2024-yilning aprel oyi oxiri yoki may oyi boshida ozodlikka chiqadi.
Qarshidagi manzil koloniyada bloger Otabek Sattoriy bilan uchrashuv juda yaxshi o‘tdi. Otabek avvalo o‘zini qo‘llab-quvvatlagan barchaga minnatdorchilik bildirdi. Koloniya boshlig‘ining ta’kidicha, aprel oxiri, mayning boshlarida u ozodlikka chiqadi. Tikuv sexida ishlamoqda, — deydi u.
Mahkum Otabek Sattoriy “Qamoqdagi rasmim internetga chiqishini istamayman”, deya suratga shunchaki estalik uchun tushishini bildirgan.
Otabekning ta’kidicha, o‘ziga chiqarilgan sud hukmi bo‘yicha qayta shikoyat qilish niyati yo‘q. Tinchgina axborot texnologiyalari sohasida ishlamoqchi. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevni yuksak salohiyatli lider, deb biladi va unga xizmat qilishdan o‘zidan faxr tuyadi. Tashanov esa uni jazo muddati bitgach, o‘zini oqlashga urinishga chaqirgan, — deyiladi jamiyat axborot xizmati tarqatgan ma’lumotda.







