Tadbirkorning qariyb 1 mlrd so‘mlik masalasi ijobiy hal etildi
Tadbirkorlik subyektining o‘tgan yillardagi faoliyati uchun mulk solig‘i bo‘yicha ortiqcha soliq hisoblangan.

Surxondaryo viloyatida faoliyat yurituvchi “Davron” (nomi o‘zgartirilgan) AJning ishonchli vakili 2023 yil 28 dekabr kuni Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasining harakatsizligidan norozi bo‘lib Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, tadbirkorlik subyektining o‘tgan yillardagi faoliyati uchun mulk solig‘i bo‘yicha ortiqcha soliq hisoblangan. Shu bois, 2023 yilda qayta hisob-kitob qilinib, asossiz qarzdorlikni olib tashlash maqsadida soliq organlariga yangilangan hisobot yuborilgan.
Biroq bu hisobotlar soliq organi xodimlari tomonidan oradan to‘rt oydan ortiqroq vaqt o‘tishiga qaramasdan, maʼlumotlar hali to‘liq o‘rganib chiqilmaganligi vaj qilinib, qabul qilinmay kelgan.
Biznes-ombudsman aralashuvi bilan tadbirkorning yangilangan hisobotlari qabul qilindi va tadbirkorlik subyekti 917 mln 303 ming so‘mlik soliq hisobotidagi farqi soliq maʼlumotlar bazasiga qabul qilindi.







