Taksi haydovchisini 10 marta pichoqlab o‘ldirgan yigitga hukm o‘qildi
Sudlanuvchi jahl qilib, besabab haydovchini pichoqlagan. Natijada, 23 yoshli haydovchi shifoxonada vafot etgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudida 23 yoshli yigitga nisbatan sud ishi bo‘lib o‘tdi. Sudlanuvchi qasddan odam o‘ldirish va bosqinchilik jinoyatlarida ayblandi. Sudda davlat ayblovchisi sudlanuvchini 19 yil qamoqqa hukm qilishni so‘radi.
“Malibu-2” rusumli avtomashinasida “Yandeks Go” internet ilovasi orqali buyurtma olgan 23 yoshli haydovchi uchun notanish tengdoshining chaqirig‘i eng so‘ngisi bo‘ldi. U manzildan uyiga qaytolmagan.
Poytaxtda biznes taʼrifida harakatlanuvchi taksini chaqirgan yo‘lovchi manzilga yetgach pul bilan hisoblashish o‘rniga jon bilan hisoblashdi.
Ayblov xulosasiga ko‘ra, mijoz haydovchini avtomashinasi ichida pichoqlab, hayotiga suiqasd qilgan. Sudlanuvchi sud zalida o‘zi qo‘l urgan vaxshiylik haqida gapirib berdi. Yo‘lovchi haydovchini nega o‘ldirdi? Qotillikda ayblanayotgan sudlanuvchida aytarli javob ham yo‘q:
— O‘sha kuni ayolim bilan urishib chiqib ketgandim. Shuning uchun pichoqladim. Feruza-1 dahasiga bordik. Haydovchi meni so‘kdi. Men o‘sha payt pichoq urdim. U insonning baqirganiga yonimizga mashina kelib to‘xtadi, men esa ketib qoldim".
Sodir etgan jinoyatingiz uchun qanday jazo berilishi kerak deb o‘ylaysiz?
— Og‘ir jazoga loyiqman. Qilgan ishimdan afsusdaman. Ataylab qilmagan edim. O‘ldirish niyatim bo‘lmagan. O‘sha kungi ahvolimni sizga tushuntirib bera olmayman-da. O‘zimdan o‘tayotganini o‘zim bilaman.
Haydovchidan nima talab qildingiz?
— Hech narsa talab qilmaganman. O‘zim jahl ustida bo‘ganim uchun pul so‘ramasdan turib pichoq urganman.
Davlat ayblovchisi ayblov xulosasida sudlanuvchining harakatlarini shunday izohladi:
"Marhumning tanasining turli qismlariga, jumladan, inson hayoti uchun muhim bo‘lgan ko‘krak, yelka, qo‘ltiq osti va boshqa sohalariga pichoq bilan ko‘plab tan jarohati yetkazib, uni qasddan o‘ldirmoqchi bo‘lganida ularning oldiga begona avtomashina to‘xtaganini ko‘rib qolib, avtomashidan tushib hodisa joyidan yashiringan. “Yandeks Go” internet ilovasidan foydalangan holda ataylab biznes rejasidagi tarifda harakatlanuvchi taksi avtomashinasiga buyurtma bergan. Haydovchilarning yonida ko‘p miqdorda naqd miqdorda pul mablag‘lari yig‘ilishini bila turib soat 20: 52 da belgilangan manzilga yetib kelib yo‘l chetida to‘xtagan. Sudlanuvchini aybdor deb topishingizni 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilishingizni so‘rayman", — dedi Yakkasaroy tumani prokurori o‘rinbosari Sardor Aminov.
Ayblovga ko‘ra, u biznes taʼrifdagi xizmatdan foydalanib bo‘lgach, xizmat haqqi oshib ketgan. Yo‘l haqqi 86 ming bo‘lganini eshitgan yo‘lovchi to‘lov qilmagan. O‘zining ishqiy munosabat o‘rnatgan ayol bilan kelishmovchiligi sabab kayfiyatsiz chiqqan yigit qo‘lidagi pichoqni kutilmaganda haydovchiga sanchgan. Og‘ir jarohat bilan tungi 22 larda ko‘chada qolgan yigit, yaxshi insonlar ko‘magi bilan shifoxonaga olib borilgan biroq 9 kun o‘tib jon bergan.
Voqea joyidan qochib ketgan sudlanuvchi 3 kun o‘tib qo‘lga olingan.
Sudya so‘rog‘iga javoban ayblanuvchi tergovdagidan boshqacha ko‘rsatma bergan: Dabdurustdan unga hujum qilib, 10 marotabagacha tan jarohati yetqazilgan. Maqsadim 16 million zarur edi dedingiz. Bir opamga kerak edi dedingiz, bir oilaviy sharoyitimga dedingiz. Lekin guvohning ko‘rsatmalari, siz bilan birga yashaydigan ayolning ko‘rsatmasi bo‘yicha uch kun avval ijaraga 300 AQSH dollar to‘lab bergansiz.
Sudlanuvchi: Men 10 marotaba pichoqlamadim. 3-4 marotaba urganimni bilaman. Hurmatli sudya oilada yolg‘iz boquvchi menman. 3 nafar opam bor. Ota-onam nafaqada. Meni kechirishingizni so‘rayman, dedi sudlanuvchi.
Suiqasd – eng og‘ir jinoyat. Hali hayot neʼmatlariga to‘ymagan yoshgina yigit umriga yakun yasagan yigit qilmishiga hech qanday arzirli sabab ham yo‘qligi kishini yana-da ajablantiradi. Haydovchi boshqaruvidagi qora rangli, davlat raqami 70 **** bo‘lgan yigit asli Qashqadaryolik. Bir nafar farzandi endi otasiz voyaga yetadigan bo‘ldi.
Endi o‘ziga bir umr qotil degan tamg‘ani qo‘ygan yigitning yoshlik yillari pajara ortida o‘tadigan bo‘ldi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudi sudyasi Farhod Abdushukurov qotillikda ayblanayotgan sudlanuvchi yigitdan shunday hukm o‘qidi: O‘zbekiston Respublikasi JK-97 moddasi 2-qismi “v, j, i” bandlari, 164-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan aybli deb topilsin. Tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tashlik uchun 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlansin. Tayinlangan jazoning 3 yilini turmada qolgan qismini umumiy tartibli kaloniyalarda o‘tattirish belgilansin.







